Talabgorlar uchun

Umumiy qoidalar

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʼyicha vakil devoniga jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqei, dinga boʼlgan munosabati, eʼtiqodidan qatʼi nazar, oʼzining kasbiy, ishchanlik, shaxsiy va axloqiy fazilatlari, maʼlumoti darajasi va sogʼligʼiga koʼra vazifalarni bajarishga qodir boʼlgan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari yoki Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining alohida qarorlari bilan oʼrnatilgan tartibda xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar qabul qilinadi.

Quyidagilar vakil devoni va hududlariga ishga qabul qilinishi mumkin emas:
-oʼn olti yoshga toʼlmagan shaxslar;
-belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
-vakil devoni yoki hududlarining ishlab turgan xodimi bilan yaqin qarindosh yoki quda-anda boʼlsa (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, farzandlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari), agar ishga qabul qilinayotgan yoki tayinlanayotgan lavozim ulardan biri ikkinchisiga bevosita boʼysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qilishni taqozo qilsa;
-ishga kirish uchun soxta hujjatlar yoki bila turib yolgʼon maʼlumotlar taqdim etgan boʼlsa;
-sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
-qonun hujjatlarida belgilangan boshqa holatlar.

Tanlov oʼtkazish va unda ishtirok etish tartibi

Vakil devoni va hududlariga xodimlarni ishga qabul qilish ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi.

Tanlov quyidagi bosqichlardan iborat:

1. Nomzodlarni dastlabki oʼrganish;
2. Ishtirokchining toshirgan anketasi;
3. Suhbat.

Boʼsh (vakant) lavozimlarga tanlov oʼtkazish haqidagi eʼlon Tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʼyicha vakil devonining rasmiy va biznesvakil.uz veb saytining vacancy.biznesvakil.uz veb-saytlariga joylashtiriladi. Zarurat paydo boʼlganda, eʼlon ommaviy axborot vositalariga xam joylashtirilishi mumkin.

Vakil devoni va hududlariga xodimlarni ishga qabul qilishga oid tanlov jarayonlari va mehnat munosabatlariga oid ish yuritish jarayonlari faqat “biznesvakil.uz” avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi oʼrinlarda – Tizim) orqali amalga oshiriladi.

“biznesvakil.uz” avtomatlashtirilgan tizimi – Vakil devoni va hududlariga mehnat munosabatlariga oid maʼlumotlarni yigʼish, saqlash va qayta ishlash hamda kadrlar sohasidagi ish yuritish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish, ushbu sohaga aloqador davlat organlari va tashkilotlari bilan axborot hamkorligining barcha turlarini taʼminlash uchun moʼljallangan axborot tizimi.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzod Vakil devoni vacancy.biznesvakil.uz sayti orqali roʼyxatdan oʼtib, shaxsiy kabineti orqali quyidagilarni Tizimga biriktirishi lozim:

– shaxsiy varaqasi (maʼlumotnoma-obʼektivka),
– diplom (diplomdan koʼchirma)ning nusxasi, chet elda oʼqigan boʼlsa, diplomi tan olish va nostrifikatsiyadan oʼtganligini tasdiqlovchi guvohnoma, oliy yoki oʼrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarining bitiruvchi kurslarida taʼlim olayotganlar bundan mustasno;
– 3x4 sm oʼlchamdagi rangli fotosurati;
– fuqarolik pasporti yoki identifikatsiya ID kartasi nusxasi.

Nomzod boʼsh (vakant) lavozimlarga tanlov oʼtkazish haqidagi eʼlonda koʼrsatilgan lavozimlarning faqat bittasini tanlashi va tanlangan lavozim boʼyicha tanlovda ishtirok etish mumkin. Nomzod bir vaqtning oʼzida boshqa tashkilot eʼlonida koʼrsatilgan lavozim boʼyicha tanlovda ishtirok etish uchun hujjat topshirishi mumkin.

Nomzod vakil devonining rasmiy biznesvakil.uz veb saytining vacancy.biznesvakil.uz veb-saytidagi shaxsiy kabineti orqali anketa savollariga javoblarni yozib anketada soʼralgan materiallarni biriktirishi lozim.

Nomzod ushbu Nizom qoidalarida nazarda tutilgan talablarga mos kelmaganda, ishga kirish uchun hujjatlar oʼz vaqtida toʼliq Tizimga biriktirilmaganda yoki bila turib soxta hujjatlar yoxud yolgʼon maʼlumotlar taqdim etilgan taqdirda nomzodni ishga qabul qilish rad etiladi.

Ishtirokchining topshirgan anketasini oʼganish bosqichi:

Nomzod vakil devonining rasmiy biznesvakil.uz veb saytining vacancy.biznesvakil.uz veb-saytidagi shaxsiy kabineti orqali biriktirgan materiallar oʼrganilib, natijasiga koʼra ishchi organ tomonidan ijobiy xulosaga kelingan nomzodning nazariy bilimlari va kasbiy layoqatini aniqlash yuzasidan suhbatga chaqiriladi. Bu haqda nomzodga Tizim orqali elektron pochtasiga xabarnoma yoki telefoniga SMS xabar joʼnatiladi.

Nomzodning shikoyat qilish huquqi

Tanlov natijalaridan norozi boʼlgan nomzod oʼn kun muddat ichida adliya vaziriga, shuningdek sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin.